YANGI LOYIHANING YANGI QADAMLARI.

YANGI LOYIHANING YANGI QADAMLARI

Oqdaryo tumanida ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy hamda madaniy islohotlarining jadal amalga oshirilishida davlat tashkilotlari bilan bir qatorda nodavlat notijorat tashkilotlarining hissalari ham salmoqli o‘rinlarni egallamoqda. O‘quv ishlab chiqarish markazlari, kutubxonalar, mediamarkaz hamda turli janrlarda ijodiy jamoalar tashkil etilib, xalqimizga xizmat qilmoqdalar.
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondining 3-tur grant tanlovi g‘olibi Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi Oqdaryo tuman muassasasining yangi loyihasi asosida tuman  hokimligining madaniyat bo‘limi bilan hamkorlikda “Oqdaryo navolari” mumtoz va folklor qo‘shiqlari ijodiy jamoasi tashkil etildi. 
Loyihaning maqsadi tumanimizning mashhur tarixiy shaxslari hayoti va ijodini, faoliyatini  o‘rganish, abadiylashtirish va xalqimiz orasida targ‘ibot ishlarini amalga oshirishdir.
Loyihamizning birinchi dasturi 1782 yilda tumanimizning Yangiqo‘rg‘on qishlog‘ida tug‘ilgan  taniqli shoir hazrat Vola Yangiqo‘rg‘oniy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan. Shoir Volaning  uch ming misradan  ortiq ijodiy merosi g‘azallari, muxammas va ruboiylari  bizgacha yetib kelgan. Mumtoz qo‘shiqlar kulliyotidan  hofiz Hoji Abdulaziz Abdurasulov kuy bastalagan “Bozurgoniy” qo‘shig‘i xalqimiz qalbidan o‘chmas joy olgan. “Oqdaryo navolari” ansanblining a’zolari Nazira Aviyeva, Gulrabo Tirkasheva, Xadicha Qobilova, Xolida Daminova, Marhabo Xudoynazarova, Matluba Daminova hamda Shahnoza Rasulovalar shoirning  “Bozurgoniy”, “Zebolanmasun” kabi qo‘shiqlarini mahorat bilan kuylab, shoirning hayoti va ijodini o‘rganib, konsert dasturlari tayyorlamoqdalar. 
Yangi loyihamizning yangi qadamlari, keyingi dasturimizda tumanimizning  “Gʻo‘lva” qishlog‘ida yashagan baxshi bobomiz, Ergash Jumanbulbulning shogirdi  Parda shoir Do‘syor o‘g‘lining hayoti va ijodiga bag‘ishlanadi. Xalkaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi tuman muassasasining raisi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi azosi ustoz Oygul Mamatova rahbarligidagi "Oqdaryo navolari” loyihasining ijodiy jamoasiga amalga oshirayotgan ezgu ishlarida muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Farhod Ro‘ziyev,
loyiha muallifi.

2015-2024 © Oqdaryo tuman hokimligi. Сайт яратувчиси: SAKTRM