Oqdaryo tuman hokimi Sherzod Qudratovning O‘zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan tuman xalqiga bayram tabrigi

MUSTAQILLIK - BUYUK VA BEBAHO NE'MAT

Aziz oqdaryoliklar!
Sizlarni eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz - O‘zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 32 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman.
Buyuk va bebaho ne’mat - mustaqillikning milliy taraqqiyotimiz, bugungi va kelgusi avlodlar taqdiri, kelajagi uchun beqiyos ahamiyati yillar o‘tishi bilan tobora ortib bormoqda. O‘zbekistonning davlat mustaqilligi xalqimizning milliy manfaatlarini, tinch va osuda hayotini ta’minlash, mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishning mustahkam poydevori bo‘lib kelmoqda. 
Biz uchun haqiqatan ham eng ulug‘, eng aziz ayyom bo‘lgan bu qutlug‘ sana o‘tgan tarixan qisqa davrda bosib o‘tgan g‘oyat og‘ir va murakkab, shu bilan birga, sharafli yo‘limizni, amalga oshirgan keng ko‘lamli islohotlarimiz samarasini, qo‘lga kiritgan ulkan marra va yutuqlarimizni sarhisob qilish, oldimizga qo‘ygan oliy maqsad - eng taraqqiy topgan davlatlar qatoriga kirish borasidagi ustuvor vazifalarni belgilab olishda, hech shubhasiz, muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimiz tarixida yangi sahifa ochgan O‘zbekistonimiz Mustaqilligining 32 yilligini munosib kutib olar ekanmiz, o‘tgan davr mobaynida tumanimiz qiyofasi tobora ochilib, go‘zal bo‘lib borayotganini, shu zaminda yashayotgan insonlarning kayfiyati, bugungi hayotdan roziligini, ertangi kunga ishonchini yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Bu borada barcha sohalarda amalga oshirayotgan keng ko‘lamli ishlarimizning mohiyati va ahamiyatini, qurilish, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, ilm-ma’rifat, tibbiyot va boshqa ko‘plab sohalardagi erishayotgan salmoqli yutuqlarimizni alohida e’tirof etishimiz kerak.
Mustaqillik bayrami arafasida o‘tgan davrga nazar tashlar ekanmiz, aytish joizki, oqdaryoliklar bu yilgi mustaqillik bayramini ham barcha sohalarda ulkan yutuqlarga erishgan holda yorug‘ yuz bilan qarshi olmoqdalar. Erishilgan ijobiy natijalar ortida, albatta, mehnatkash xalqimizning halol va samarali mehnati natijasi turibdi.
Aziz hamyurtlar!
 Barchangizni yana bir bor chin qalbimdan O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 32 yilligi bayrami bilan chin yurakdan tabriklayman. Barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga fayzu baraka va farovonlik tilayman. Mustaqillik qadri boqiy, bayram shukuhi fayzli, istiqlolimiz abadiy bo‘lsin!
   Mustaqillik bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz oqdaryoliklar!

2015-2024 © Oqdaryo tuman hokimligi. Сайт яратувчиси: SAKTRM