MAKTABGACHA TA’LIM  TASHKILOTLARIDA  YOZGI SOGʻLOMLASHTIRISH  MAVSUMINI TASHKIL ETISHNING  AHAMIYATI

MAKTABGACHA TA’LIM  TASHKILOTLARIDA  YOZGI SOGʻLOMLASHTIRISH  MAVSUMINI TASHKIL ETISHNING  AHAMIYATI

 

    Maktabgacha ta’lim tizimida tarbiyalanuvchilarning  yozgi ta’tilini namunali o‘tkazish, ularning jismoniy va aqliy salohiyatlarini oshirish,  vaqtlarini  maroqli o‘tkazish, sog‘lomlashtirish va chiniqtirish ishlarini tashkil etish, ta’lim-tarbiya jarayonini uzluksiz olib borish, shuningdek yozgi sog‘lomlashtirish tadbirlarini tashkil etish vazifalari  belgilab olindi.  Yozgi sog‘lomlashtirish  mashg‘ulotlari  har  yili  1-iyundan  31- avgustgacha  davom etib,  maxsus  moslashtirilgan reja  asosida faoliyat olib boriladi.  Bunda bolalar ko‘p vaqtini toza havoda o‘tkazadigan tarzda yaratiladi.  Sayr vaqtida bolalarning rivojlanishi  uchun turli tadbirlar tashkil etiladi.Chunki , yoz – bolalarning  salomatligini  mustahkamlash va jismoniy qobiliyatlarini rivojlantirish  uchun eng yaxshi davr hisoblanadi. Yozgi sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlarida bolalarning sog‘ligi, bo‘sh vaqtlarini  mazmunli o‘tkazish  masalalari  rejaga kiritiladi. Reja asosida tashkil etilgan chiniqtirish, sog‘lomlashtirish, ko‘ngilochar tadbirlar bolalarni jismoniy va psixik rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.  Bu jarayonda barcha pedagoglar ishtiroq etishlari lozim.  Yozgi mashg‘ulotlar bolalarda tevarak atrofga bo‘lgan qiziqishlarni, o‘z ishlaridan va tabiatdan zavqlanish, ularning jismoniy va aqliy salohiyatlarini oshirish  imkonini  beradi.

    Hozirgi  sinovli kunlarda  maktabgacha ta’lim tizimida  masofaviy tizimda faoliyat  olib borilmoqda. Shu sababli farzandlarimizning vaqtlarini  maroqli o‘tkazish, sog‘lomlashtirish va chiniqtirish ishlarini davom ettirish lozim. Yozgi sog‘lomlashtirish tadbirlarini samarali o‘tkazish  maktabgacha ta’lim tashkilotining, tarbiyachilarning  o‘z vaqtida va puxta tayyorgarlik ko‘rishiga bog‘liqdir. Bu borada bolalar  organizmining jismonan sog‘lom bo‘lishi va chiniqishi uchun zaruriy sharoitlarni yaratish  maqsadga muvofiqdir. Buning uchun  tarbiyachilar tomonidan ota-onalarga tavsiyalar onlayn tarzda berib boriladi.Tarbiyachilarning asosiy vazifalari bolalarning maroqli xordiqga, ijodiy faoliyatga, xarakatga bo‘lgan extiyojini qondirishdir.

    Yozgi sog‘lomlashtirish davrida quyidagi vazifalar  hal qilinadi:

    Ushbu vazifalar  metodik tavsiyalarga amal qilgan holda tashkil etilishi lozim.

1. Toza havoda bo‘lish uchun shart-sharoitlarni yaratish, bolalarning faol xarakatlanishini ta’minlash.

2. Bolalarning bo‘sh vaqtlarini o‘tkazish jarayonlarida musiqiy qobiliyatlarini rivojlantirish.

3. Bolalarda tabiatga ahloqiy munosabatni, mehnatsevarlikni rivojlantirish.

4. Tabiat hodisalarini, jonli va jonsiz tabiat ob’yektlarini kuzatish jarayonida bolalarda hissiy idrokni shakllantirish.

5. Bolalar uchun xavfsiz,  rivojlantiruvchi va  sog‘lomlashtiruvchi muhitni yaratish.

6. Jaroxatlanishning oldini olish.

7. Bolalarning  jismoniy va aqliy qobiliyatlarini rivojlantirish, ijobiy hissiy holatini shakllantirishga hissa qo‘shish orqali bolalar salomatligini  mustahkamlash.                                                                                         

 8. Sayrni to‘g‘ri tashkil etish, sovuq suv bilan yuvinish, ochiq havoda yengil kiyimda jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish;

 9. Suv, havo va quyosh vannalarini o‘tkazish.

        Bizning hayotiy va kasbiy  tajribamiz shuni ko‘rsatadiki, suv - bola organizmiga va ruhiyatiga  ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Suvning gigiyenik va fizik ahamiyati bebahodir. Inson  organizmining fiziologik jarayonlari va qulay hayot tarzi uchun suvning ahamiyati kattadir. Suv havzasida cho‘milishni tashkil etishda bolalar yoshiga alohida ahamiyat berish lozim: kichik va o‘rta guruhlarda 15-20 daqiqa, katta va tayyorlov guruhlarida  25 daqiqa. Bolalarga suv havzasida cho‘milish faqatgina shifokor-pediatrning ruxsati bilan amalga oshiriladi.

Havo vannalarini o‘tkazishda alohida qoida talab etilmaydi, imkoniyat  darajasida ochiq havoda ko‘proq sayr qilish tavsiya etiladi.

          Faqat quyosh vannalarini qabul qilishda ehtiyot choralarini ko‘rish lozim. Bola quyosh vannalarini qabul qilishdan avval bosh kiyim kiygan holda bo‘lishi va quyosh ostida uzoq qolmasligi lozim. Quyosh vannasini qabul qilish davomiyligi  7-10 daqiqani tashkil etishi lozim.

  Bolalarni yozgi  sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlarida  rivojlantirish usullaridan  yana biri - Qum o‘yinlaridir.

       Bolalarning o‘zaro muloqotlari qum maydonchalarida sodir bo‘ladi. Yozgi  mashg‘ulotlarni qum maydonchalarida olib borilishi ko‘proq ta’limiy-tarbiyaviy natija beradi. Qum bilan o‘ynaladigan o‘yinlar boshqa o‘yinlarga nisbatan ma’lum bir maqsadga yo‘naltirilgan va barqaror bo‘ladi. Aynan shuning uchun  qum bilan o‘ynaladigan o‘yinlardan korreksion  rivojlantiruvchi  va ta’limiy o‘yinlar sifatida foydalaniladi. 

Bundan tashqari  yozgi  mavsumda  har-xil  mavzularda  tadbirlar, sport musobaqalari tashkil etiladi.

          Kun tartibida  tashkil etiladigan sport va sog‘lomlashtirish tadbirlarining maqsadi — bolalarning  vaqtini  sermazmun  o‘tkazish, ularning  ham  jismoniy, ham  ruhiy jihatdan  hordiq  chiqarishlarini  ta’minlash  orqali  har  tomonlama  barkamol avlodni  voyaga  yetkazishdan   iboratdir. Chunki, ilk yoshdagi bolalarning psixologik rivojlanishida jismoniy tarbiya mashqlarining ahamiyati juda  kattadir.

         Maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarni jismoniy tarbiyalashda ta’limning sistemalilik va izchilligi  prinsipiga  asoslanish,  har bir bolaning  yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda tanlash va o‘tkazish maqsadga  muvofiq  bo‘ladi. Bunday tadbir va musobaqalar  bolalarning    qaddi-qomatini  to‘g‘ri shakllanishiga, yassi oyoq bo‘lib o‘sishini oldini olishga, asosiy harakat malakalarini rivojlanishi bo‘yicha jismoniy ta’lim berish, o‘yinlar orqali milliy odatlarni tarbiyalashga, harakat ko‘nikmalari va jismoniy sifatlarini shakllantirish, gavdani to‘g‘ri tutish, shaxsiy va ijtimoiy gigiyenik malakalarini tarbiyalash,  kundalik mashg‘ulotda jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish va ularda ko‘nikma hosil qilish  kabi xislatlarni shakllantiradi.

         Bunday yozgi sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlarini tashkil etish kelajagimiz egalarini aqlan yetuk, jismonan sog‘lom bo‘lib voyaga yetishlariga zamin yaratadi.

 

        Baxtigul Asrorova,

        Oqdaryo tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri

2015-2024 © Oqdaryo tuman hokimligi. Сайт яратувчиси: SAKTRM