insurez
23-04-2025 14:42

O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarni aniqlash tartibi bilan tanishing


O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarni aniqlash tartibi bilan tanishing

 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 1-moddasida O‘zbekiston ijtimoiy va dunyoviy davlat ekanligi belgilab berildi.

Ijtimoiy sohaga oid islohotlar doirasida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilib, ijtimoiy sohaga oid vakolatli davlat organi etib belgilandi.

Agentlikning o‘ziga yuklatilgan bir qancha vazifalaridan biri bu o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarni aniqlash, ularni ro‘yxatga olish va har bir shaxsning holatidan kelib chiqib ularga davlatning ijtimoiy yordami va xizmatlarini ko‘rsatishdan iboratdir.

Aholi muammolarini yechishga qaratilgan choralar, o‘tkazilgan “Sayyor qabul”lar va kelib tushgan murojaatlar tahlilidan kelib chiqib, quyidagi savollarga javob berish orqali o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarni aniqlash tartibini yoritib beramiz.

Savol: Yoshi keksa, sog‘ligining holatiga ko‘ra biror davlat tashkilotiga mutaqil bora olmaydigan shaxslar davlatning ijtimoiy xizmatlaridan foydalanishi uchun qayerga murojaat qilishi kerak?

Javob: Viloyatning tuman (shahar) larida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tashkil etilgan bo‘lib, har bir mahallada markazning vakili, ya’ni ijtimoiy xodim faoliyat yuritadi.

 Mahalladagi ijtimoiy xodim, patronaj hamshira va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi raisi tomonidan xizmat vazifalarini amalga oshirish, jumladan, uyma-uy yurish natijasida shakllantirilgan so‘rovnomaga asosan, bundan tashqari o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxsning yozma, og‘zaki yoki elektron shaklda qilgan murojaatiga asosan shaxs belgilangan tartibda o‘rganib chiqilib, o‘zgalar parvarishiga muhtoj deb topilishi mumkin.

Savol: Kimlar o‘zgalarning parvarishiga muhtoj sifatida ro‘yxatga olinishi mumkin?

Javob:  To‘g‘ri shajara bo‘yicha qarindolari bo‘lmagan yolg‘iz keksalar hamda yaqin qarindolaridan alohida yolg‘iz yashovchi keksalar o‘zgalar parvarishiga muhtoj deb e’tirof etilishi mumkin.

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-martdagi 123-sonli  qaroriga asosan, ushbu shaxslarning sog‘ligi va ijtimoiy holatiga ko‘ra, yolg‘iz keksa, yolg‘iz nogironligi bo‘lgan shaxs, yolg‘iz yashovchi keksa, yolg‘iz yashovchi nogironligi bo‘lgan shaxs toifalariga ajratilgan holda ijtimoiy xizmatlar va yordamlar berilishi ta’minlanadi.

Savol: Mening mahallamda 2 nafar yolg‘iz keksa yashaydi, biroq ulardan biriga davlat tomonidan ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatilmaydi, buning sababi bormi?

Javob: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-martdagi 123-sonli  qaroriga asosan shaxsning o‘zgalar parvarishiga muhtojlik darajasi mazkur qarorga asosan mahalla raisi, oilaviy shifokor va ijtimoiy xodimdan iborat “Ishchi guruh” tomonidan shaxsni o‘zgalar parvarishiga muhtojligini aniqlashga qaratilgan baholash o‘tkaziladi, ya’ni shaxs Bartel (elementar) va Lauton (murakkab) shkalasi bo‘yicha harakatlarni amalga oshira olish imkoniyati baholab chiqiladi. Baholash natijasiga ko‘ra 116 va undan yuqori ball olganda shaxs o‘zgalar parvarishiga muhtoj deb topilmaydi.

 

  Ijtimoiy inspeksiyaning
 Samarqand viloyati boshqarmasi.

 

Teglar
- -