insurez
08-06-2024 15:10

RASMIY MUNOSABAT: Bozor ro‘parasidagi muammoli holatlar joyida o‘rganilib, kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rildi


RASMIY MUNOSABAT: Bozor ro‘parasidagi muammoli holatlar joyida o‘rganilib, kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rildi

 

Joriy yilning 6-iyun kuni “Oqdaryo ovozi” gazetasida “LOYISHDAGI TARTIBSIZLIKLARNI KIM NAZORAT QILADI?” sarlavhasi ostida Oqdaryo tuman markazi Loyish shaharchasidagi “Oqdaryo bozori” ro‘parasidagi tartibsizlik holati, xususan, yo‘l yoqalarida mashinalar tirbandligi, savdo va umumiy ovqatlanish shaxobchalarida oziq-ovqat va go‘sht mahsulotlarini antisanitar holatda tayyorlab sotilayotgani kabi holatlar yuzasidan tanqidiy maqola e’lon qilindi. 
Mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz;
Maqolada ko‘rsatilgan muammolar tuman hokimligi tomonidan alohida e’tiborga olinib, mavjud kamchiliklarni bartraf etish borasida tegishli tashkilotlarga topshiriqlar berildi va tegishli tashkilotlar tomonidan muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rildi. Xususan, tuman IIB YHXB xodimlari tomonidan nazorat tadbirlari olib borilib, bozor ro‘parasidagi hamda “O‘zbekiston” ko‘chasidagi yo‘l yoqalarida turgan avtomashinalar, “Taksi”lar tartibsizligi bartaraf etildi. Shuningdek, tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi hamda Sanepidqo‘mita Oqdaryo tuman bo‘limi xodimlari tomonidan “Oqdaryo dehqon bozori” va bozor ro‘parasidagi savdo va ovqatlanish shaxobchalarida navbatdagi nazorat tadbirlari o‘tkazilib, veterinariya sanitariya qoidalariga amal qilmasdan faoliyat yuritish holatlari bartaraf etildi.
Yana shuni ma’lum qilamizki, bu kabi nazorat tadbirlari doimiy o‘tkazilib kelinayotgan bo‘lishiga qaramasdan ushbu hududda tartibsizliklar qayta-qayta yuzaga kelayotganligi hech kimga sir emas. Mazkur masala Oqdaryo tuman hokimligi diqqat markazida turgan dolzarb masalalardan hisoblanib, muammolarni to‘liq bartaraf etish maqsadida avvalo mashinalar uchun yangi avtoturargoh qurish, yo‘l yoqalariga ekologik holat barqarorligini ta’minlash maqsadida kuzatuv kameralari o‘rnatilishi ko‘zda tutilmoqda.

Oqdaryo tuman hokimligi axborot xizmati

 

Teglar
- -