RASMIY MUNOSABAT
RASMIY MUNOSABAT
Joriy yil 27-may kuni "YouTube" ijtimoiy tarmog‘ida Oqdaryo tumanidagi sobiq “Navruz-11” fermer xo‘jaligining raisi Kimyo Ziyodullayeva va o‘g‘li O‘tkir Qo‘ldoshevlarning sobiq fermer xo‘jaligi yerini qaytarib olish da’volari aks etgan video lavha yoritildi.
Mazkur holat yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi:
Tumanda faoliyat yuritgan sobiq “Navro‘z-11” fermer xo‘jaligi bilan Oqdaryo tuman hokimligi o‘rtasida 2001-yil 4-sentabrdagi yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga berish shartnomasi asosida unga 49 yil muddatga yer uchastkasi berilgan. Shunga qaramasdan, “Navro‘z-11” fermer xo‘jaligi tomonidan so‘nggi uch yil mobaynida davlatga paxta va don sotish shartnomasi shartlari surunkali ravishda bajarilmaganligi, shuningdek, ta’minotchi korxonalardan surunkali qarzi mavjudligi, fermer xo‘jaligining istiqboli mavjud emasligi sababli, tuman hokimligi tomonidan da’vo tartibida sudga murojaat qilingan.
Samarqand viloyati xo‘jalik sudining 2016-yil 4-yanvar kungi 14-18-517/25170-sonli ish bo‘yicha hal qiluv qaroriga asosan da’vogar Oqdaryo tuman hokimligining da’vosi qanoatlantirilib, “Navro‘z-11” fermer xo‘jaligi yer maydoni hokimlik ixtiyoriga qaytarilgan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan ishni ko‘rishda protsessual huquq normalariga amal qilinmaganligi sababli kassatsiya instansiya sudining 2016-yil 17-avgustdagi qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilingan.
Ishni yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborilgan. Ishni yangidan ko‘rishda tuman hokimligi tomonidan uzoq muddatli ijaraga berish to‘g‘risidagi shartnomani belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan asl nusxasi sudga taqdim etilmaganligi sababli ijaraga berish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish to‘g‘risidagi da’vo arizasini qanoatlantirish rad etilgan.
Mazkur hal qiluv qaroriga nisbatan apellatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat qilinmagan. Shuningdek, Oqdaryo tuman Jinoyat ishlari bo‘yicha sudning 2017-yil 16-yanvar kungi 16/31013-sonli jinoyat ishi hukmiga ko‘ra, sobiq “Navruz-11” fermer xo‘jaligining raisi Ziyodullayeva Kimyo va o‘g‘li Qo‘ldoshev O‘tkir fermer xo‘jaligiga tegishli yer xaritasining 384-konturida fermer xo‘jaligi hisobida bo‘lgan yerlarni sotish va birovga berish huquqiga ega bo‘lmasa-da, 2013-yil may oyidan to 2015-yil dekabr oyiga qadar bo‘lgan vaqt davomida bir qancha fuqarolardan pul mablag‘larini aldab olib, yer uchun egalik huquqini beruvchi hujjatlarni to‘g‘rilab berishni oldindan va’da qilgan holda, firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan pul mablag‘larini o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborganligi, mazkur holat yuzasidan ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 2-qismi “a, b, v” bandlari bilan va sudlanuvchi Qo‘ldoshev O‘tkir Abdumajidovich O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 2-qismi “b, v” bandlari bilan aybdor deb topilganligi fakti ma’lum bo‘ldi.
Yuqorida ko‘rsatilgan vajlar bilan bog‘liq nizoli yer maydonida tuman hokimligining amaldagi qonun normalari talablari asosida o‘tkazilgan tender yakunlariga ko‘ra tuman hokimining 2015-yil 1-dekabrdagi 1132-sonli qarori bilan tashkil etilgan “Oqdaryo Dagar Muqimov” va 2015-yil 27-noyabrdagi 1021-Q-sonli qarori bilan tashkil etilgan “Oqdaryo Galaravot dalasi” fermer xo‘jaliklariga belgilangan tartibda ajratib berilgan.
Sobiq “Navro‘z 11” fermer xo‘jaligi tomonidan Oqdaryo tumani hokimining 2015-yil 1-dekabrdagi 1132-Q-sonli va 2015-yil 27-noyabrdagi 1021-Q-sonli qarorlarini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi da’vo arizasi Kattaqo‘rg‘on shahar ma’muriy sudining 2019-yil 15-yanvardagi hal qiluv qarori bilan rad etilgan.
Shu bilan birgalikda, Samarqand viloyati ma’muriy sudi apellatsiya instansiyasining 2019-yil 12-fevraldagi ajrimiga asosan, Kattaqo‘rg‘on shahar ma’muriy sudining 2019-yil 15-yanvardagi hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Shuningdek, Oqdaryo tuman hokimining 2019-yil 6-fevraldagi 1051-Q-sonli qaror bilan “Oqdaryo Dagar Muqimov” fermer xo‘jaligiga paxta-g‘allachilik yo‘nalishidagi qo‘shimcha yer maydoni ajratib berish to‘g‘risidagi bayonnoma tasdiqlanib, fermer xo‘jaligiga jami 79,6 gektar yer maydoni uzoq muddatga ijarada foydalanish uchun ajratib berilgan.
Samarqand viloyat Adliya boshqarmasining 2022-yil 27-maydagi 11-14-3/476-sonli xatida tuman hokimining “Oqdaryo Dagar Muqimov” fermer xo‘jaligiga qo‘shimcha yer maydoni ajratish to‘g‘risidagi 2019-yil 6-fevraldagi 1051-Q-sonli qarori qonuniy kuchda ekanligi ko‘rsatilgan. Shuningdek, ushbu fermer xo‘jaligi hozirgi kunda “fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonun talablarini buzmasdan, ajratib berilgan yer maydonlaridan oqilona foydalanib, samarali faoliyat yuritib kelayotganligi ko‘rsatib o‘tilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-sonli farmoniga asosan tuman-shahar hokimliklarining yer munosabatlariga doir (yerlarni zaxiraga olish va ajratib berish) vakolatlari to‘liq tugatilganligi va bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonuniga asosan tuman hokimligining manfaatdor shaxs (“Oqdaryo Dagar Muqimov” va “Oqdaryo Galaravot dalasi” fermer xo‘jaligi)dan unga ajratilgan yer maydoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib qo‘yishga vakolati yo‘qligini ham eslatib o‘tamiz.
Davogarlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6243-sonli farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-noyabrdagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 709-sonli qaroriga asosan zaxira yer maydonlari “E-AUKSION” elektron platformasi orqali yer uchastkalarini ijaraga berish uchun ochiq onlayn tanlovlarda g‘olib bo‘lgan nomzodlarga yer maydoni belgilangan tartibda ajratib berilishi va ushbu platformada nomzod sifatida ishtirok etishligi bir necha bor tushuntirilgan.
Oqdaryo tuman hokimligi axborot xizmati