Konstitutsiya - inson sha’ni, qadr-qimmati va huquqlarining mustahkam kafolati
Konstitutsiya - inson sha’ni, qadr-qimmati va huquqlarining mustahkam kafolati
“Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi davlatchilik, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini bundan keyin ham barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi”.
Xalq - davlat hokimiyatining birdan-bir manbai
Mamlakatimiz Asosiy Qonunining yangi tahriri bevosita umumxalq referendumida - to‘g‘ridan-to‘g‘ri ovoz berish yo‘li bilan qabul qilindi. Shu ma’noda, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining haqiqiy muallifi xalqning o‘zidir. Fuqarolarning xohish-irodasi esa islohotlarning manbai va harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya 7-moddasi birinchi bandida «Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai», degan norma belgilab qo‘yilgan. Bu norma timsolida O‘zbekiston Respublikasida jahon miqyosida umume’tirof etilgan xalq hokimiyatchiligi prinsipi, ya’ni xalq suverenitetning tashuvchisi va davlat hokimiyatining yagona manbai ekanini anglatuvchi tamoyil mustahkamlab qo‘yilgan.
Davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak!
Yuqorida aytib o‘tilgan moddaning ikkinchi qismida belgilab berilgan O‘zbekiston Respublikasida davlat hokimiyati xalq manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirilishi to‘g‘risidagi norma ham aytib o‘tilgan fikrlarning tasdig‘idir. Hech shubhasiz, ushbu normalar mamlakatimizda xalq hokimiyatchiligining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlash bilan bir qatorda xalqimiz xohish-irodasi va insonlarning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga ham xizmat qiladi.
Mazkur moddaning ikkinchi qismida yana bir umume’tirof etilgan tamoyil mustahkamlangan. Unga ko‘ra davlat hokimiyati faqat «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan organlar tomonidangina amalga oshiriladi».
Konstitutsiyadagi ushbu qoidalar 10-moddaning «O‘zbekiston xalqi nomidan faqat u saylagan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Prezidenti ish olib borishi mumkin», degan birinchi qismda yanada aniq ifoda etilgan va chuqur ochib berilgan. Ya’ni jamiyatning biron-bir qismi, siyosiy partiya, jamoat birlashmasi, ijtimoiy harakat yoki alohida shaxs O‘zbekiston xalqi nomidan ish olib borishga haqli emas.
Yangi O‘zbekiston — demokratik va huquqiy davlat
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 7-moddasi uchinchi qismda: «Konstitutsiyada nazarda tutilmagan tartibda davlat hokimiyati vakolatlarini o‘zlashtirish, hokimiyat organlari faoliyatini to‘xtatib qo‘yish yoki tugatish, hokimiyatning yangi va muvoziy tarkiblarini tuzish Konstitutsiyaga xilof hisoblanadi va qonunga binoan javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi», deb belgilangan.
Bu normalar Yangi O‘zbekiston demokratik huquqiy davlat hisoblanib, mamlakatda hokimiyat almashishi faqat Konstitutsiya va qonunlar asosida ta’minlanadi, degan tamoyil hayotga tatbiq etilishining kafolatidir. Davlatning huquqiy siyosati insonparvarlik, demokratiya, ijtimoiy adolat va siyosiy xilma-xillik prinsiplariga asoslanadi.
Yangi O‘zbekistonda xalqimizning boy tajribasi va madaniy an’analariga asoslangan demokratiya o‘rnatilmoqda, bunda aholining turli ijtimoiy guruhlari va qatlamlari manfaatlari hisobga olinadi. Zo‘ravonlikka asoslangan eskicha ma’muriy-buyruqbozlik tizimi qoldiqlari nihoyat barham topdi, ko‘ppartiyaviylik, g‘oya va fikrlar xilma-xilligi odatiy holga aylanib bormoqda.
Shuningdek, insonning siyosiy va boshqa huquq hamda erkinliklarini amalga oshirishi, davlat organlarining demokratik asosda shakllanishini ta’minlash, jamiyatning demokratik siyosiy tizimini shakllantirishga ko‘maklashish hamda demokratik institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari rolini kuchaytirish uchun qulay shart-sharoit yaratish kafolatlanadi.
Yangi O‘zbekiston - ijtimoiy va dunyoviy davlat
Konstitutsiyamiz Muqaddimasida davlat va jamiyat taraqqiyotining huquqiy mafkurasi, xalqimiz Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lida tayanadigan konstitutsiyaviy qadriyatlar va tamoyillar aniq belgilab berilgan.
Inson huquq va erkinliklariga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, davlat suvereniteti prinsiplariga sodiqlik tamoyili bilan Konstitutsiyamiz insonning asrlar davomida dunyoda shakllangan asosiy ma’naviy-axloqiy qadriyatlari va asosiy huquqlarini o‘zida mujassam etgan holda, insonning oliy qadriyati - uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati ekanini e’lon qildi.
Konstitutsiyamizning avvalgi tahriridan farqli o‘laroq, uning yangi tahririning asosiy g‘oyasi shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, inson sha’ni va qadr-qimmatini ta’minlash, ilgari mavjud bo‘lgan “davlat - jamiyat - shaxs” paradigmasini yangi: “inson - jamiyat - davlat” tamoyiliga o‘zgartirishdan iborat.
Davlatimiz rahbari ta’rifiga ko‘ra, inson qadri - mamlakatning har bir fuqarosi uchun tinch va xavfsiz hayot, fundamental huquq va erkinliklar, malakali tibbiy xizmat, sifatli ta’lim, kuchli va manzilli ijtimoiy himoya hamda sog‘lom ekologik muhit ta’minlanishini, munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilmaning bosqichma-bosqich yaratilishini anglatadi.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasida davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlariga taalluqli normalar 3 barobar ko‘paydi. Eng muhimi, Asosiy Qonunimizda birinchi marta “O‘zbekiston — boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat” (1-modda), degan norma belgilandi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan Asosiy Qonun
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 1-moddasida davlat qurilishining yangi strategik maqsadi — suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat qurish ekanligi qat’iy belgilandi, ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari joriy etildi. Ayniqsa, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlangani e’tiborga sazovor.
Bosh qomusimizning “Konstitutsiya va qonunning ustunligi” bobidagi 15-16-moddalarning yangi va eski matnidagi normalari o‘zaro qiyoslansa, bu fikrlarimiz qanchalik haqqoniy ekani o‘z tasdig‘ini topadi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 15-moddasiga muvofiq:
“O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi”.
Muxtasar aytganda, bugun Konstitutsiyamizning yangi normalarida asosiy e’tibor inson, jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilganini ishonch bilan ta’kidlash mumkin. Yangi tahrirdagi Asosiy Qonunning qabul qilinishi bilan bu borada yanada mustahkam konstitutsiyaviy-huquqiy asos yaratildi. Binobarin, Yangi O‘zbekiston o‘zining ushbu sohalardagi xalqaro majburiyatlariga qat’iy sodiqligini yana bir bor namoyon etdi.
Konstitutsiyamizda Yevropa, Osiyo, Sharq va Amerika mintaqalarida joylashgan dunyo davlatlarining ijobiy konstitutsiyaviy tajribasi o‘z aksini topgan. Asosiy Qonunimiz huquqshunos olimlar, siyosatshunoslar, ko‘plab xalqaro tashkilotlar mutaxassislari tomonidan sinchiklab o‘rganilgan bo‘lib, unga inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquq normalari qo‘shimcha ravishda uyg‘unlashtirilgandir.
Ishonchimiz komilki, xalqaro tashkilotlar vakillari va ekspertlar xolis va to‘g‘ri ta’kidlaganlaridek, O‘zbekiston Konstitutsiyasining yangi tahrirda qabul qilinishi "Inson sha’ni va qadr-qimmati uchun" tamoyili asosida xalq farovonligini yanada yuksaltirish, inson, fuqarolik jamiyati va davlatni jadal rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi.
Gʻolib Abduhakimov,
Oqdaryo tumani hokimligi bosh yuriskonsulti




