VOLA YANGIQO‘RG‘ONIY 230 YoSHDA

VOLA YANGIQO‘RG‘ONIY 230 YoSHDA

 

Yangi O‘zbekistonning "Obod mahalla – obod ko‘cha – obod xonadon" mezonlari bo‘yicha  jadal amaliy ishlar olib borilayotgan  tumanimizning Yangiqo‘rg‘on mahallasida joylashgan madaniyat uyi binosida tarixiy mavzuda tantanali adabiy kecha bo‘lib o‘tdi. Tadbir avvalida "So‘g‘onchi" qabristonida joylashgan  Vola qabriga ziyorat tashkil etilib, o‘tganlar haqiga Qurʼon tilovat qilindi.

Yangiqo‘rg‘on mahallada 1793 yilda tug‘ilib ijod qilgan  Eshonxo‘ja Mirinoyatullo o‘g‘li  - shoir Vola(taxallusi)ning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan maʼruzalar, xotiralar hamda shoirning sheʼr va g‘azallaridan namunalar tinglandi. Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Samarqand viloyat bo‘limi rahbari Toshpo‘lat Tugalov, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Samarqand bo‘limi raisi Shoyim Kenjayev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining aʼzosi Oygul Mamatova, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi Oqdaryo tuman bo‘limi rahbari Diyora Yusupova, tuman madaniyat uyining xodimlari hamda shoirning muxlislari ishtirok etdilar.

Vola sulolasining vakillaridan 97 yoshli otaxon  Idrisxon Hakimov, o‘g‘illari  Ibrohimjon  Idrisxonov,  nafaqadagi o‘qituvchi Nasrina Muhammadiyevalar shoir Vola haqida ajdodlari hamda ota-bobolaridan  eshitgan xotiralarini faxr bilan so‘zlab berdilar.  Ishtirokchilar Vola shajarasi bilan tanishdilar.

Adabiy kechada tuman hokimligi madaniyat bo‘limi hamda O‘zbekiston Xalqaro "Oltin meros" xayriya jamoat fondi Oqdaryo tuman muassasasi qoshida tashkil etilgan "Oqdaryo navolari" nomli mumtoz va folklor etnografik havaskorlik jamoasi shoir Vola qalamiga mansub qo‘shiqlardan ijro etdilar. Onaxon shoira va xonandalarimiz ijro etgan mashhur va dilbar qo‘shiq “Bozurgoniy” hamda "Zebolanmasun" nomli  qo‘shiqlari adabiy kecha ishtirokchilarining qalbini hayratga soldi hamda unitilmas taassurotlar baxsh etdi. Shuningdek, tadbirda Vola Yangiqo‘rg‘oniyning hayoti va ijodini o‘rganish va targ‘ib etish ishlari yana-da davom ettirish, ijod namunalarini, qo‘lyozmalarini, shoir haqidagi xotiralarini  yig‘ish,  kitoblarini nashr ettirish rejalari kelishib olindi.

Farhod Ro‘ziyev,  loyiha muallifi.

2015-2024 © Oqdaryo tuman hokimligi. Сайт яратувчиси: SAKTRM